top of page

O‘zbekistonda biznesni qanday rivojlantirish mumkin?


Maqola muallifi: Aleksandr Likhtman, ITCOMMSning IT kompaniyalari uchun PR agentligining asoschisi va rahbari

 Alexander Likhtman
Aleksandr Likhtman

2022-yilda Rossiyani biznes jadal surʼatlarda tark etgani kuzatildi. Sanksiyalar tufayli Rossiya Federatsiyasi hududida ishlashni davom ettirishdan xavfsiragan xorijiy kompaniyalar ham, xalqaro bozorda ishlashni rejalashtirgan rossiyalik biznesmenlar ham mamlakatdan chiqib keta boshladi. Biznes ko‘chib o‘tgan yo‘nalishlardan biri O‘zbekiston bo‘ldi.

Agar siz O‘zbekistonga boshqa mamlakatlarda orttirilgan tajriba bilan kirib kelgan bo‘lsangiz, ehtimol, bu sizga yordam berolmaydi. Zero milliy va madaniy xususiyatlar tufayli klassik PR usullar qo‘l kelmasligi mumkin.

Quyida sizga qanday harakatlar samara berishi va O‘zbekistonda biznesni qanday rivojlantirish kerakligi haqida batafsil maʼlumot beraman.


O‘zbekistonda moliya va biznes muhit


O‘zbekiston – bu faol rivojlanayotgan mamlakat. Uning aholisi 35,6 mln. Jahon banki maʼlumotlariga ko‘ra, 2022-yilda mamlakat YaIM 80,4 milliard dollarni (o‘sish +5,7%) tashkil etdi. 2022-yilda mamlakatga kirgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar hajmi 2,53 milliard dollarga baholandi (+11,5% o‘sish). IT kompaniyalar ulushi ham ortib bormoqda. Toshkentdagi IT parkning (uni esa, masalan, Qozon Innopolisi analogi desa bo‘ladi) rezidenti maqomiga 200 dan ortiq kompaniyalar sazovor bo‘ldi. IT park rezidentlari kompaniyalarining eksport hajmi 2023-yil 1 kvartal uchun 50 mln. dollardan oshdi.


O‘zbekiston Respublikasi Davlat qo‘mitasi maʼlumotlariga ko‘ra, 2022-yilda chet el kapitali ishtirokidagi korxona va tashkilotlar soni 2 512 ta kompaniyaga ko‘paygan. Hozirgi kunda mamlakatda chet el kapitali ishtirokidagi 15 801 ta korxona, shu jumladan Rossiyadan 3 156 ta korxona faoliyat ko‘rsatmoqda. Xususan, O‘zbekistonda “Magnit” Rossiya riteyli, Geointellect fazoviy tadqiqotlar markazi, “Sirovarnya” tarmog‘i hamda qator boshqa kompaniyalar o‘z filialini ochdilar.


Endilikda mamlakatga nafaqat relokantlar (ko‘chib kelayotganlar) kirib kelmoqda, balki mahalliy mutaxassislar ham qaytmoqda. Jumladan, O‘zbekiston IT hamjamiyati rahbari Shavkat Karimov ilgari Microsoft kompaniyasida ishlagan, hozirda esa o‘z yurtining IT sektorini rivojlantirishga hissa qo‘shmoqda.


Media isteʼmoli


Butun mamlakat bo‘ylab faol raqamlashtirish jarayoni kuzatilmoqda. Aholining aksariyati orasida internetga kirish 79% ni tashkil qiladi. O‘zbekiston aholisi orasida internetdan foydalanuvchilarning aksariyati (55%) erkaklardir. Foydalanuvchilarning 60% dan ortig‘i 35 yoshgachadir.


O‘zbekistondagi asosiy aloqa kanali: ijtimoiy tarmoqlar va messenjerlar. Eng keng qamrovli ijtimoiy tarmoq, xuddi Qozog‘istondagi kabi, Instagram bo‘lib qolmoqda. Ledokol group o‘zbek xoldingi tahlilchilarining fikricha, ushbu ijtimoiy tarmoqda 3,9 million faol foydalanuvchi bor. Ikkinchi o‘rinda Facebook turadi (“Meta” kompaniyasiga tegishli, ekstremistik tashkilot sifatida tan olingan va Rossiya Federatsiyasida taqiqlangan) – taxminan 1,5 million faol foydalanuvchi. Odnoklassniki – uchinchi o‘rinda: 900 ming nafar faol foydalanuvchi.


YouTube videoxosting saytlari orasida yetakchi hisoblanadi: foydalanuvchilarning 81% uni tanlaydi. O‘zbekistonda uni bir oyda ko‘rishlar soni 100 milliondan oshadi. O‘rtamiyona hisobda foydalanuvchilar har kuni beshdan ortiq videoni ko‘radi.


Messenjerlarga kelsak, mamlakatda yaqinda baʼzi xizmatlar qonunchilik darajasida o‘chirilgan edi: Skype, Viber, WhatsApp. Natijada telegramning nufuzi oshdi, endi uni mamlakatdagi eng mashhur messenjer deb bemalol ayta olamiz. 2022-yilda O‘zbekiston innovatsiyalar vazirligi maʼlumotlariga ko‘ra, telegramni internet foydalanuvchilarining 80 foizi afzal ko‘rgan. O‘zbekistonda yagona messenjer sifatida telegramdan foydalanayotganlar ham bor.


Shu bilan birga, ushbu bozorni Markaziy Osiyodagi eng TVga yo‘naltirilgan deb deb atash mumkin. TVga investitsiyalar hajmi ketma-ket bir necha yil davomida 66% ni tashkil qilmoqda. Internet esa ikkinchi o‘rinda (16%) qolmoqda.


So‘nggi 5 yil ichida ro‘yxatdan o‘tgan ommaviy axborot vositalari soni ortdi. 2021-yilda ularning soni 1866 tani tashkil etdi, shundan 630 tasi internet OAV hisoblanadi. O‘zbek saytlariga tashrif rus tilidagidan ko‘ra 20 marta ko‘proq. Aholining 80% dan ortig‘i o‘zbek tilidagi kontentni “hazm qiladi”.


O‘zbek tilidagi ommaviy axborot vositalarining asosiy mazmuni mahalliy va xalqaro yangiliklardir. Rus tilidagilarida xalqaro yangiliklar deyarli yo‘q. Shu bilan birga, aksariyat ommaviy axborot vositalarining o‘zbek, rus va ingliz versiyalari mavjud.


O‘zbekistonda piar: u haqida nimani bilishingiz kerak?


1. Mahalliy maslahatchilar bilan ishlash


Bu bandni men birinchi navbatda keltirib o‘tmoqchiman, chunki O‘zbekistonda “o‘ziniki” bo‘lish muhim. Agar siz tanishlaringiz tavsiyasisiz “tashqaridan” kelgan bo‘lsangiz, sizni eʼtiborsiz qoldirishlari mumkin. Bu aslo o‘zbeklar yopiq va do‘stona emasligini anglatmaydi. Mamlakat aholisi hozirjavob va ochiq, ammo bu yerda “tanish-bilish” degan tushuncha mavjud. Bu siz jurnalistlar, tadbirkorlar yoki yana kimdir bilan uchrashishga kelganingizda, sizga tavsiya berilishi kerakligini bildiradi. Tavsiyalar mamlakatda muloqot qilish va biznes yuritishning juda muhim qismidir.


Shuning uchun, agar siz bozorga kirishni rejalashtirayotgan bo‘lsangiz, sizni “o‘zlariniki” qilib qabul qilishlariga yordam beradigan mahalliy maslahatchilar bilan oldindan tanishib oling.


2. Shaxsiy muloqot


Shaxsiy uchrashuvlar – O‘zbekistonda o‘tkazilishi kerak bo‘lgan jarayon. Ko‘rishib, choy ichib, osh tanovul qilish – bu masalaga eskicha qarash emas, balki suhbatdoshingizga, potensial sherigingizga hurmat va iltifot belgisidir. Birgina shunday uchrashuv sizga va biznesingizga bo‘lgan ishonchni sezilarli darajada oshishiga olib keladi. Demak, ishingiz o‘ngidan kelishining ehtimoli ortadi.


Biroq, bitta muhim xususiyat bor: o‘zbeklar dangal “yo‘q” deyishni yoqtirmaydilar. Buning sababi xafa qilib qo‘yishni yoki nafsoniyatga tegib ketishni xohlamasliklaridadir. Shu bilan birga, ular o‘zlariga nima kerakligini yaxshi bilishadi va ularga to‘g‘ri kelmaydigan holatlarga rozi bo‘lmaydilar. Bunda biz bevosita kelishuvlar, ish muddatlari va shu kabilarni ko‘zda tutyapmiz.


3. Xabar va matnlarini mahalliylashtirish


O‘zbekistonda ham, xuddi Qozog‘iston kabi, mahalliy xabarlar bilan ishlash, materiallarga mahalliy ekspertlarning sharhlarini qo‘shish va mahalliy voqealar bilan bog‘lash muhimdir. Masalan, dunyo trendlari bilan bog‘liq yangilik bu yerda o‘zbek kompaniyasi tomonidan IT mahsulot chiqarilishi haqidagi press-reliz kabi yaxshi qabul qilinmaydi. O‘z navbatida, biz press-reliz tayyorlovchi promo kampaniyamizda ITCOMMS – bu O‘zbekiston kompaniyasi bo‘lib, Toshkentda ofisimiz borligiga va bu yerda o‘zbekistonlik mutaxassislar ishlashiga urg‘u berib o‘tganmiz.


Kontent o‘zbek tilida yaratilgani maqsadga muvofiqroq. Deyarli barcha ommaviy axborot vositalari rus tilidagi versiyasiga ega bo‘lishiga qaramay, aholining aksariyati o‘zbek tilidagi maʼlumotlarni afzal ko‘radi.


Shu o‘rinda kontent haqida to‘xtalib o‘tsak. Bu yerda mamlakatning urf-odatlari va anʼanalarini, shu jumladan diniy kontekstni, oilaviy qadriyatlarni unutmaslik lozim. Ijod mahsulotlari va ularda ayollarning ishtiroki alohida eʼtiborni talab etadi.


4. OAVda pullik nashrlar – odatiy hol, lekin buning boshqa yo‘li ham bor


Tarixan hududda brendlar, kompaniyalarning deyarli barcha maqolalari ommaviy axborot vositalarida pulga nashr etilishi kuzatiladi. Shu sababli, ommaviy axborot vositalari xabarlar qanchalik sifatli va ijtimoiy ahamiyatga molik bo‘lmasin, baribir ularni joylashtirish uchun to‘lovni kutadilar.


Biroq, bugungi kunda PR mutaxassislarining tizimli ishi tufayli bozordagi vaziyat o‘zgarmoqda. Jurnalistlar bilan maqsadli munosabatlarni o‘rnatish orqali ommaviy axborot vositalarida maqolalarni bepul joylashtirishingiz mumkin. Agar jurnalist sizga va sizning kompaniyangizga ishonch bildirsa, siz unga kontentning ahamiyatini yetkaza olsangiz va bundan avval xizmatidan pullik asosda foydalangan bo‘lsangiz, unda yangiliklarni bepul joylashtirish ehtimoli ortadi. Masalan, biz mijozlarimiz uchun organik (reklamasiz chop etiladigan) materiallarni tayyorlaymiz.


Kutilmagan vaziyatlar ham sodir bo‘lib turadi. Biz pulga joylashtiriladigan materialni tayyorlashni rejalashtirib, reklama bo‘limi bilan gaplashdik va hisobni so‘radik... Va shu vaqtda jurnalist yangiligimizni saytda bepul eʼlon qiladi. Albatta, biz tahririyat va reklama bo‘limi bilan munosabatlarni buzishni xohlamadik, shuning uchun ham hisobni to‘lab, boshqa yangilikni joylashtirdik. Bunaqasi ham bo‘lib turadi...


5. Asosiy eʼtibor ijtimoiy tarmoqlar va messenjerlarga


Yuqorida aytib o‘tilganidek, ijtimoiy tarmoqlar va messenjerlar O‘zbekistondagi asosiy aloqa kanalidir. Shuning uchun kompaniya ularda “mavjud” bo‘lishi juda muhimdir. Instagram akkaunti, yuqori sifatli SMM – bu yerda biznesni rivojlantirishda alohida eʼtiborni talab qiladi hamda sharhlarni kuzatib borish, ijtimoiy tarmoqlarda eʼtirozlarni o‘rganish, bloggerlar va telegram kanallari bilan ishlash zarurligini anglatadi. Aytgancha, baʼzi telegram kanallarining qamrovi anʼanaviy OAVga qaraganda kattaroq.


Bundan qanday foydalanish kerak? PR kampaniyani tayyorlashda telegram kanallari bilan oldindan muzokara olib borish, mahalliy bloggerlar bilan ishlash, mahalliy internet yulduzlari, ijodiy muhit vakillari, mahalliy brendlar bilan hamkorlik qilish, shubhasiz, yaxshi natijaga olib keladi.


6. Oqsoqollar va mahalliy jamiyatlar bilan ishlash


O‘zbekistonda urf-odatlar va oqsoqollarga hurmat juda katta. Agar oqsoqol sizning mahsulotingiz haqida ijobiy fikr bildirsa, unda yoshlar unga albatta quloq tutishadi. Bu, ayniqsa, viloyatlarga xos holat.


Shu sababli, hududiy PR mahalliy jamoalarga Toshkentdan efirga uzatiladigan xabarlarga qaraganda ancha samarali taʼsir ko‘rsatishi mumkin. O‘zbekistondagi viloyatlar uchun kampaniya rejalashtirayotganda buni albatta yodda tuting. Ayniqsa b2c sektorida.


Xulosalar


O‘zbekiston – navqiron, yorqin va jadal rivojlanayotgan mamlakat. Bu yerda biznesni targ‘ib qilishda ko‘plab jihatlarni hisobga olish, kontekstga rioya qilish va, albatta, mahalliy urf-odatlar va madaniyatni hurmat qilish muhimdir.


 

Subscribe to our Telegram channel


bottom of page